Xitoyda o‘nlab odamni bosib o‘ldirgan haydovchi qatl etildi

Chjuxay shahrida avtomobil bosib ketishi natijasida jabrlangan odamlar, 2024-yil 11-noyabri

Xitoyda o‘tgan yilning noyabr oyida Chjuxay shahrida piyodalarni o‘zi mingan Jip bilan qasddan bosib ketgan 62 yoshli haydovchi Fan Veysyu qatl etilgan. Hodisa chog‘ida 35 kishi halok bo‘lgan, 43 kishi turli darajada tan jarohati olgan edi. Bu haqda South China Morning Post xabar qildi.

27-dekabr kuni sud Veysyuni “mudhish” va “shafqatsiz jinoyat”da aybdor deb topib, uni “jamoat xavfsizligi uchun tahdid tug‘dirishi”ni qayd etib, o‘lim jazosiga hukm qilgan. Xitoylik haydovchi 20-yanvar kuni qatl etilgan.

Veysyu 2024-yilning 11-noyabr kuni sport markazi yaqinidagi hududda piyodalarni bosib ketgan edi. Jabrlanuvchilar orasida qariyalar, o‘smirlar va bolalar ko‘p bo‘lgan. Haydovchi jinoyat sodir etilgan joydan qochib ketmoqchi bo‘lgan paytda politsiya tomonidan qo‘lga olingan.

Xitoy nashrlarining yozishlaricha, piyodalarni bosib ketganidan so‘ng Veysyu o‘zini o‘ldirishga uringan. U o‘ziga yetkazgan jarohatlar tufayli kasalxonaga yotqizilgan. Iddaoga ko‘ra, u bir muddat koma holatida bo‘lgan.