Turkiyada 38 kishi qalbaki alkogoldan o‘ldi. Aksari – o‘zbeklar va turkmanlar

Qalbaki alkogol mahsulotlari. Illyustrativ surat.

Istanbulda qalbaki alkogoldan o‘lganlar soni 38 nafarga yetdi, aksari Turkmaniston va O‘zbekiston fuqarolaridir. 26 kishining ahvoli og‘ir va sun’iy nafas berish apparatiga ulangan, deya xabar qilmoqda turk internet nashrlari.

Turk OAVlari ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lbola alkogol iste’moli ortidan so‘nggi besh kun ichida Istanbul kasalxonalariga mahalliy aholi va chet elliklardan 92 kishi murojaat qilgan. Ulardan 38 nafari o‘lgan, 8 kishi muolajadan so‘ng shifoxonani tark etgan. Shuningdek, bir kishi kasalxonaga yotishdan bosh tortgan bo‘lsa, ikki kishi qochib ketgan.

Ayni paytda hanuz davolanayotgan odamlar soni 46 nafarni tashkil qiladi, ulardan 26 nafarining ahvoli og‘ir bo‘lib, sun’iy nafas berish apparatiga ulangan.

Sabah internet-nashri qayd etishicha, o‘lganlarning aksari Turkmaniston va O‘zbekiston fuqarolaridir.

17-yanvarda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi qalbaki alkogoldan vafot etgan o‘zbekistonliklar soni 16-yanvarda 14 kishiga yetganini ma’lum qildi. Ulardan olti nafari – 14-yanvarda, to‘rttasi – 15-yanvarda va yana to‘rt nafari 16-yanvarda o‘lgan. Shuningdek, jonlantirish bo‘limidagi bemorlar orasida uch nafar o‘zbekistonlik borligi qo‘shimcha qilingan.

Konsulxona hodisani surishtirish maqsadida mahalliy hokimiyat idoralari bilan hamkorlik qilayotganini urg‘ulagan.

Turk mutaxassislari zaharlanishga qo‘lbola spirtli ichimliklar ishlab chiqarishda qo‘llanadigan metanol moddasi sabab bo‘lganini aytishmoqda.

Vafot etganlardan qanchasi turkmanistonliklar ekani hozircha mavhum. Turkmanistonning Istanbuldagi Bosh konsulligidan ma’lumot olib bo‘lmadi: Ozodlik jurnalisti konsulxona saytida ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qildi, ammo hech kim javob bermadi.

Istanbulda yashovchi turkman faoli Alisher Saxatovga ko‘ra, Turkiyada turkmanistonliklarning qalbaki ichkilikdan ommaviy o‘lishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

“2020-yilda 50 dan ziyod turkman migrantlari o‘lgandi. O‘shanda Turkmaniston elchixonasi jasadlarni olmagan. Shu kunlarda men vatandoshlarim bilan doimiy aloqadaman. O‘tgan kuni eshitishimcha, biznikilardan 19 kishi o‘libdi. Biroq raqamlar doim o‘zgarib turadi. Yana bir tasdiqlanmagan ma’lumotga ko‘ra, bu gal Turkmaniston diplomatik vakolatxonasi yurtdoshlarimiz jasadlarini morgdan olib, vatanga jo‘natishni tashkil qilibdi”, deydi Saxatov.

2020-yilda Istanbulda Turkmanistonning 53 fuqarosi qo‘lbola alkogoldan zaharlanib o‘lgan edi. Zaharlanish holatlari shaharning turli qismlarida aniqlangan.

Sifatsiz qo‘lbola spirtli ichimlikdan zaharlanish oqibatida vafot etgan turkmanlar Kilios Museviy qabristonining qarindoshlari yo‘q kishilarga mo‘ljallangan qismiga dafn etilgan. Marhumlarning Turkmanistondagi yaqinlari kovid cheklovlari tufayli janozaga kela olmaganlar. Konsulxona va elchixonadan ham hech kim dafn marosimida ishtirok etgan emas.

O‘shanda odamlar o‘limi uchun javobgarlik turkmanistonliklar zimmasiga yuklangandi.

Bu gal qalbaki alkogolli ichimliklar ma’danli suv shishasiga qadoqlangan holda bir donasi uchun 30 turk lirasi (taxminan 1 dollar) bahoda Istanbulning Yevropa qismidagi Bashakshehir tumanining Ziyo Ko‘kalp mahallasida joylashgan turkman oshxonasida sotilgan, deb yozadi Kartepe Şehir nashri.

Xabarda aytilishicha, oshxona sohiblari – Turkmaniston fuqarolari bo‘lmish Og‘ajon O. va Omongul D. yashagan uyda o‘tkazilgan tintuv chog‘ida 50 litr qalbaki alkogol, giyohvand moddalar, dorilar va soxta migratsiya hujjatlari topilgan.

Qo‘lbola ichkiliklar xususiy do‘konlar orqali ham sotilgan.

Istanbul shahri hokimligi axborotiga ko‘ra, 16-yanvar kuni mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan 32 862 litr ichkilik musodara qilingan.

“Sultong‘ozi, Fotih, Bakirko‘y, Kuchukchemeje, Chatalja,Esenyurt, Zeytinburnu va Beyko‘z tumanlarida reydlar o‘tkazildi, 9 nafar gumonlanuvchi ushlandi. Tadbirlar chog‘ida 227 shisha qalbaki spirtli ichimlik va ularni ishlab chiqarish jihozlari topildi. Ushlanganlardan uch nafari politsiya tomonidan so‘roq qilingach qo‘yib yuborildi, olti nafari hamon tergov bermoqda”, deyiladi shahar ma’muriyati xabarnomasida.

Huquq idoralari qalbaki alkogol sotilgan 64 ta savdo shoxobchasini yopgan. Turk OAVlari xabar berishicha, ushlanganlardan 4 nafari “qasddan odam o‘ldirish”da gumon qilinmoqda.