"Kuch, tezlik va xotirjamlik". Abduqodir Husanovning "Manchester Siti"ga yo‘li

Abduqodir Husanov Angliya Premer ligasida maydonga tushadigan birinchi markaziy osiyolik futbolchi bo‘lishi kutilmoqda.

Abduqodir Husanovning jahon futboli gigantlaridan biri "Manchester Siti"ga 41 million dollarlik transferi 20 yashar bu futbolchini Angliya Premyer-ligasiga yetib borgan birinchi markaziy osiyolikka aylantirdi. Uning ajoyib va g‘ayriodatiy yo‘li 35 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan mamlakatdagi yosh futbolchilar uchun namuna.

So‘nggi haftalarda Abduqodir Husanov nomini qidirgan har qanday futbol muxlisi uning o‘z jamoasi darvozasiga xavf solayotgan raqibni to‘xtatish uchun maydonning deyarli butun uzunligi bo‘ylab yugurganini aks ettirgan videoga ko‘zi tushgan bo‘lardi.

Xabarlarga ko‘ra, Husanov bu chaqmoqdek yugurish paytida soatiga 37 kilometr tezlikka erishgan. Bu tezlik 20 yoshli futbolchini o‘z o‘rnida dunyodagi eng tez o‘yinchilardan biriga aylantirgan.

Uning nisbatan notanish yosh o‘yinchidan Angliya Premyer-ligasiga yetib kelgan birinchi markaziy osiyolik futbolchiga aylanishi yanada tezroq yuz berdi. Bu esa vatanidagi millionlab futbolga oshufta yoshlarga ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tezligi va jismoniy quvvati uyg‘unligi tufayli "poyezd" laqabini olgan Husanovni qabul qilgan klub oddiy ingliz jamoasi emas.

Bu klub – so‘nggi yetti mavsumning oltitasida dunyoning eng boy ligasi g‘olibi bo‘lgan va barcha davrlarning eng buyuk futbol murabbiylaridan biri deb tan olingan Pep Gvardiola boshchiligidagi "Manchester Siti"dir. Transfer narxi, xabarlarga ko‘ra, 41 million AQSH dollariga baholangan.

"Bu o‘zbekistonlik yosh futbolchilar, umuman olganda, butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi futbolchilar uchun katta rag‘bat bo‘ladi," deydi O‘zbekiston "Sport" telekanali sharhovchisi Otabek Jo‘rayev.

"Tasavvur qiling, 20 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi ehtimol dunyodagi eng kuchli jamoaga o‘tdi! Qanday ilhom manbai bu!" Jo‘rayev yana qo‘shimcha qilishicha, endi butun dunyo bo‘ylab futbolchi izlovchilar Markaziy Osiyo o‘yinchilariga ko‘proq e’tibor qaratishlari mumkin.

Kamroq yurilgan yo‘l

O‘zbekiston poytaxti Toshkentdagi bir nechta futbol jurnalistlari Husanovni yaxshi bilmasliklarini yoki umuman tanimasliklarini tan olishdi.

Aslida, u faqat o‘tgan yildagina Qatardagi OFK Osiyo kubogi va Parijdagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida ajoyib o‘yin ko‘rsatib, milliy terma jamoa tarkibida doimiy o‘rin egalladi.

Jo‘rayevning fikricha, Husanov 2022-yilda "murabbiy unda qobiliyat ko‘rmagach yoki alohida e’tibor bermagach" O‘zbekistonning "Bunyodkor" klubini tark etadi va qisqaroq yo‘ldan borib naf ko‘rgan bo‘lishi mumkin.

Abduqodir Husanov 2024-yilgi Parij olimpiadasida O‘zbekiston jamoasining Ispaniyaga qarshi o‘yinida dunyoning eng tez o‘yinchilaridan bo‘lgan Fermin Lopesdan to‘pni olib qo‘yyapti.

Ko‘pchilik o‘zbekistonlik futbolchilar singari Rossiya yoki Turkiyaga yo‘l olish o‘rniga, Husanov o‘z agenti G‘ayrat Xasbiullin va sobiq professional futbolchi bo‘lgan otasi Hikmatjon Hoshimov maslahatiga quloq tutib, Belarusning "Energetik-BGU" klubiga qo‘shildi.

Belarus poytaxti Minskdagi boshqa klublarga qaraganda kamroq mablaqqa ega bo‘lsa-da, "Energetik-BGU" Markaziy Osiyo futbolini yaxshi bilgan, Qozog‘istondagi jamoalarga murabbiylik qilgan va Qozog‘iston futbol federatsiyasida ishlagan xarizmatik belarus murabbiyi Anatol Yurevich rahbarligida qayta shakllantirilgandi.

"Ular pulni birinchi o‘ringa qo‘yishmadi, – dedi Jo‘rayev Husanovning jamoasi haqida, – aksincha, futbolchining rivojlanishiga eng mos keladigan sport loyihasini tanladilar".

Husanov Belarusda bir yarim mavsum o‘tkazdi va belarus futbol tahlilchisi Mikalay Xodasevichning ta’kidlashicha, "kuch, tezlik va xotirjamlik" bilan ajralib turadigan o‘yini uchun Belarus oliy ligasining ramziy "mavsum jamoasi"ga kiritildi.

Biroq iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan klub 2023-yil yozida Husanovni atigi 100 ming dollardan sal ko‘proq evaziga sotdi. Shunday qilib, u " Lans" jamoasiga qo‘shilib, Fransiya oliy ligasida o‘ynagan birinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Озодлик Доҳада: Ўзбекистон Осиё кубогининг плей-оффига чиқди

Fransiya orqali Angliyaga


So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda futbol rivoji ijobiy yo‘nalishda bo‘ldi. 2002-yilda Osiyo musobaqalaridan Yevropa musobaqalariga o‘tishga qaror qilgan Qozog‘iston yirik turnirga saralash bosqichida o‘zining eng yaxshi natijasini ko‘rsatdi. Daniyaga qarshi kutilmagan g‘alabaga erishib, Yevro-2024 musobaqasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishga yaqin keldi.

Tojikiston va O‘zbekiston Osiyo kubogining chorak finaliga chiqdi, O‘zbekiston esa faqat mezbon va keyinchalik g‘olib bo‘lgan Qatarga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldi.

Husanov O‘zbekistondan ketganidan beri milliy terma jamoa FIFA reytingida 85-o‘rindan 58-o‘ringa ko‘tarildi.

Biroq, taraqqiyotning eng yaxshi ko‘rsatkichi shuki, o‘zbekistonliklar endi turli xorijiy ligalarda o‘ynamoqda.

Milliy terma jamoa sardori Eldor Shomurodov 2020-yilda o‘z mamlakatidan Italiya A seriyasiga chiqqan birinchi futbolchi bo‘ldi, ammo u hozirda "Roma"da zaxira o‘yinchisi hisoblanadi.

Husanovham Fransiyada dastlab zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan, ammo keyinchalik jamoaga moslashib, o‘zining jangovar yondashuvi tufayli olqishlandi va Yevropaning eng nufuzli klublar musobaqasi – UEFA Chempionlar Ligasida o‘ynagan eng yosh o‘zbekistonlik bo‘ldi.

"Manchester Siti" jamoasiga kirish yanada qiyinroq bo‘ladi, chunki bu yerda hatto himoyachilardan ham texnik mahoratni namoyish etish talab qilinadi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Футбол эксперти: Ўзбек спорти касаллиги юқоридан бошланган

Biroq, u allaqachon klubdagi eng tez o‘yinchi bo‘lishi mumkin, chunki bir paytlar juda tez bo‘lgan ingliz futbolchisi Kayl Uokerning tezligi pasaygan va norvegiyalik super yulduz Erling Xolann bu mavsumda klubning eng yuqori tezligini – soatiga 35,7 kilometrni qayd etgan.

Har holda, Jo‘rayevning aytishicha, bu transferni "O‘zbekiston futboli uchun kelajakda natija beradigan to‘lqinlarni hosil qiladigan katta suv osti portlashiga" qiyoslash mumkin.