Линклар

Шошилинч хабар
22 январ 2025, Тошкент вақти: 23:21

Qozog‘istondan O‘zbekistonga noqonuniy benzin tashigan guruh ushlandi


Qozoq-o‘zbek chegarasi. Turkiston viloyati, Dostuk qishlog‘i. Illyustrativ surat.
Qozoq-o‘zbek chegarasi. Turkiston viloyati, Dostuk qishlog‘i. Illyustrativ surat.

Qozog‘istondan yerosti quvuri orqali benzin tashigan O‘zbekiston fuqarolari qo‘lga olindi.

O‘zA xabariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi 39 yoshli M.M. va 28 yoshli X.X. Qozog‘iston fuqarosi A.K. bilan til biriktirib, qo‘shni davlatdan O‘zbekiston hududiga noqonuniy yo‘llar bilan AI-92 markali benzin yonilg‘isini o‘tkazish va sotish bilan shug‘ullangani aniqlangan.

Ushbu noqonuniy ish Turkiston viloyati Sariyog‘och tumani hududidan Qibray hududiga yer ostidan o‘tkazilgan qariyb 300 metr uzunlikdagi quvur ichiga shlang joylashtirish orqali amalga oshirilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani bildirilgan.

“Qozog‘iston fuqarosi A.K.ga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha qo‘shni davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari xabardor qilindi”, deyiladi xabarda.
O‘zbek–qozoq chegara hududlarida yashirin tunnellar topilishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

Ozodlik 2024-yil dekabr oyida Qozog‘iston janubida neft mahsulotlarini kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga o‘tkazish maqsadida foydalanilgan yashirin tunnel topilgani haqida xabar bergandi.

Huquq idoralari qaydicha, 450 metr uzunlikdagi lahm orqali har kuni 5-7 tonna yoqilg‘i-moylash materiallari yashirincha olib o‘tilgan.

XS
SM
MD
LG