O‘tgan yil dekabrida O‘zbekiston sudi o‘ndan ortiq ukrainalikni o‘ldirganiga iqror bo‘lgan andijonlikka “ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
“Gazeta.uz” nashrining yozishicha, 39 yoshli T.A. 2023-yil aprel oyida mavsumiy ish topish maqsadida Moskvaga borgan va o‘sha yerda Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan yollanib, Ukrainadagi urushga yuborilgan.
“2023-yil iyul oyining oxirida u Ukrainaning Shaxtyorsk va Baxmut shaharlariga yuborilgan va u yerda tojiklar va boshqa chet elliklar bilan uchrashgan. 2023-yilning noyabrigacha bo‘lgan janglarda ayblanuvchi, o‘zining tan olishicha, 10 dan ortiq ukrainalik harbiyni o‘ldirgan,” deb yozadi nashr.
Sudlanuvchi odam o‘ldirgani, yaxshi xizmat qilgani uchun razvedka bo‘limiga o‘tkazilgani bilan ham maqtangan. 2023-yilning noyabrigacha bo‘lgan janglarda T.A., o‘zining tan olishicha, 10 dan ortiq ukrainalik harbiyni o‘ldirgan.
O‘zining so‘zlariga ko‘ra, u va’da qilingan katta tovon puli va harbiy maoshiga qiziqib shartnomaga qo‘l qo‘ygan va ikki oylik harbiy tayyorgarlikdan ham o‘tgan. O‘zbekistonlik yollanma askar ruslar va’da qilgan pulning yarmisini faqat birinchi oyda olgan - keyin to‘lovlar to‘xtagan.
T.A. 2023-yil 31-dekabr kuni O‘zbekistonga qaytgan va hibsga olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudyasi Otabek Mamajonov uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 154-moddasining 1-qismi va 154−1-moddasining 1-qismi, ya’ni “yollanish” va “xorij armiyasiga harbiy xizmatga kirish“ asosida 4 yil 2 oy “ozodlikdan cheklash” jazosini tayinladi.
Kuzatuvchilar "ozodlikdan cheklash" bu uy qamog‘ining bir turi bo‘lib, jazolanuvchi ayrim huquqlardangina , masalan viloyatni tark etish va tunda ko‘chaga chiqish huquqidan mahrum etilishiga e’tibor qaratishmoqda.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan buyon rasmiylar O‘zbekiston fuqarolarini xorijiy armiya saflariga qo‘shilmaslik haqida ogohlantirib keladi. 2022-yil sentyabrida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xorijdagi fuqarolarni qonunchilikda bu kabi jinoyat uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgani haqida ogohlantirgan.
O‘tgan yil oktyabrida O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi vatandoshlarni xorijdagi harbiy harakatlarda ishtirok etishdan tiyilishga chaqirgani qator rossiyalik siyosatchilarning noroziligiga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston va Ukrainadagi faollar o‘zbek sudlari so‘nggi paytlarda o‘zga mamlakatga qurol ko‘tarib borib, odam o‘ldirgan shaxslarga yengil jazo berilayotir, demoqda.
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayevning yozishicha, bu kabi jazo o‘zbekistonliklarning chet ellardagi jangovar harakatlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash bilan barobar.
“Siz oylab, yillab xorijiy davlatda yollanma jangchi bo‘lib xizmat qilasiz, qanchadan-qancha odamlarni o‘ldirasiz, uyini kuydirasiz va O‘zbekistonga bosh egib kelib, “oilam og‘ir ahvolda edi, pulim yo‘q edi, qiynalib ketgandim”, deb tan olsangiz, tamom, bag‘rikeng o‘zbek sudi sizga hech qanaqa urush ko‘rmagan O‘zbekiston fuqarosi kabi obod o‘lkada ozod yashash imkonini yaratib beradi. Xuddi “Rossiya armiyasiga qo‘shil, Ukrainaga qarshi jang qil va topgan pulingga O‘zbekistonda mazza qilib yasha” degan maxsus aksiyaga o‘xshaydi,” deb yozadi jurnalist.
Oldinroq Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tuman sudi Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi jang qilgan va Rossiya fuqaroligini olgan 22 yashar o‘zbekistonlikka “jazoni yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olib”, shartli 3 yil sinov muddati belgilagandi.
U Rossiyadan deportatsiya qilinish xavfi ostida urushga borishga rozilik berganini aytgan.
"Yengillashtiruvchi holat"
O‘zbek sudlarining Ukraina urushida qatnashayotgan o‘zbekistonlik yollanma askarlarga berayotgan yengil jazolari Ukraina jamoatchiligi e’tiboridan chetda qolgani yo‘q.
Ular orasida Grigoriy Pirlik - ukrainalik jurnalist, "Ukraina — Markaziy Osiyo" telegram-kanali muallifi ham bor.
Ozodlik bilan suhbatda Pirlik ushbu sud qarorlari unda O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari va sudiga ko‘plab savollarni tug‘dirganini aytadi:
- O‘zbekiston vatandoshiga chiqarilgan bu hukm, jumladan Ukraina axborot vositalari orqali faol tarqatildi. Ammo odamlar bu xabarga e’tibor yetarli qaratishmadi. Hukm aslida meni g‘azabimni qo‘zg‘atdi… Sudya Otabek Mamajonov yengillashtiruvchi holat sifatida yollanma yigitning uch nafar farzandi borligini inobatga olibdi. Sudya Mamajonov Ukrainada o‘ldirilgan mahkumlarning farzandlari haqida o‘ylab ko‘rdimi? Tergovga Ukraina huquq-tartibot idoralarini jalb qilishga harakat qildimi? 10 nafar ukrainalik askarning o‘ldirilishi tekshirib ko‘rdimi?
Sudya hukmning oqibatlarini tahlil qildimi? Bundan chiqdi, har qanday O‘zbekiston fuqarosi Rossiya armiyasiga borib, pul ishlab, ukrainaliklarni o‘ldirishi va, eng muhimi, o‘z vaqtida aybiga iqror bo‘lib, “jazoni yengillashtiruvchi holat” sifatida farzandlarini pesh qilishi mumkin ekan-da?!
Suhbatdoshning fikricha, O‘zbekiston hukumati bu masalaga jiddiyroq e’tibor qaratishi va o‘z fuqarolarini o‘zga mamlakatdagi urushga yollanishiga qarshi tashviqotni kuchaytirishi lozim.
- O‘zbekiston, Qirg‘iziston fuqarolarining Rossiya ichki ishlar bo‘limlariga chaqirtirib, ularni qo‘rqitib, urushga jo‘natayotgan Rossiya ongli ravishda boshqa davlat vatandoshlarini xavf ostiga qo‘ymoqda. Yoki qamoqxonalarda majburlab olib ketayotir. Demak, bu davlatlar esa o‘z odamlarini himoya qilishdan manfaatdor bo‘lishlari kerak. Bu urushda neytrallikni yoqlab chiqqan Markaziy Osiyo davlatlari Ukraina-Rossiya urushida qatnashgan fuqarolariga yengil jazo bermasliklari kerak, dedi "Ukraina — Markaziy Osiyo" telegram-kanali muallifi.
Grigoriy Pirlik Ozodlik bilan suhbatda bugungi kunda Ukrainada asirga olingan yana bir o‘zbekistonlik ustidan sud mahkamasi o‘tganini yodga oldi.
Muhriddin Boyjonov ustidan sud 2025-yilning 13-fevraliga belgilangan.
Samarqandlik asir Ukraina Jinoyat Kodeksining 447-moddasi 4-qismi, ya’ni “yollanish” asosida jinoiy javobgarlikka tortilgani ma’lum bo‘ldi. Sud hujjatlariga ko‘ra, 2022-yil avgust oyida u Rahmatulla Ahmedov ismli yana bir o‘zbekistonlik tanishi bilan birga Tambovda urushga yollanib ketgani va “Redut" xususiy harbiy shirkatida xizmat qilgan. Shu yilning sentyabridayoq Izyum uchun janglarda ikkovlon ukrain jangchilari tomonidan qo‘lga olingani va keyinchalik ukrain askarlariga almashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Grigoriy Pirnik o‘zbek muhojirlari almashtirilganiga qaramay, sud ularga 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi tayinlashi mumkin.
Sud jarayonida sudlangan o‘zbekistonliklar Rossiya-Ukraina frontida ko‘plab o‘zbek, tojiklarni uchratganini aytishgan.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan toshkentlik tahlilchi so‘nggi bir yilda O‘zbekiston sudlari Ukrainadagi urushda Rossiya tomonida qatnashgan fuqarolarga nisbatan yengilroq jazo tayinlay boshlagani sabablarini bunday tushuntirdi.
“Hozirda O‘zbekistonda sudlar Rossiya armiyasiga yollanish va Ukrainadagi harbiy amaliyotlarda qatnashish uchun nisbatan yengil jazolarni amalda qo‘llayapti. Qonunda nazarda tutilganidan ko‘ra yengilroq jazo tayinlanishining asosiy sababi - Rossiya bilan o‘zaro sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga minimal ta’sir ko‘rsatish bilan bog‘liq. Ya’ni O‘zbekiston bu masalada ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Haqiqiy hukmlar o‘rniga shartli hukmlar tayinlanyapti. Bu Rossiya bilan bog‘liq vaziyat o‘zgarsa, shartli jazoni haqiqiy jazo bilan almashtirish qulay bo‘lishi uchun qilingan. Sudlar har qanday holatda ham siyosatga xizmat qiladi. Masalan, O‘zbekiston fuqarosi ISHID saflarida Suriya armiyasiga qarshi jang qilsa, unga nisbatan qattiqroq jazo tayinlanishi shubhasiz. Gap Jinoyat kodeksining o‘sha moddasi haqida ketyapti, faqat amalga oshirish va qo‘llash boshqacha”, — deydi ekspert.
Urushdagi o‘zbeklar
Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi 2023-yilning 22-iyul kuni frontdagi vaziyat to‘g‘risida e’lon qilgan kunlik hisobotida Rossiya qo‘shinlari tarkibida O‘zbekiston fuqarolari borligi qayd etilganini ma’lum qildi.
Rossiya Telegram-kanallarida tarqalgan videoda “Ayfon” laqabli yollanma jangchi videoga olayotgan sherigidan uni YouTube'da e’lon qilmaslikni so‘raydi. “Nega?” degan savolga u “Qamab qo‘yishadi!”, deb javob beradi.
Ukrainaga qarshi Rossiya tarafida urushayotganlar orasida nafaqat erkaklar - o‘zbekistonlik ayollar ham bor. 6 nafar bolaning onasi ekanini aytgan samarqandlik ayol, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, erining ortidan “Rossiyani himoya qilishga borgan”.
2023-yilning fevralida Ozodlik Moskva viloyatida bir nechta markaziy osiyolik muhojir ko‘milgan “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga tegishli qabristonni topgan edi. Dafn etilgan muhojirlar, jumladan o‘zbekistonliklarning barchasi "Vagner"ga Rossiya qamoqxonalaridan yollangani ma’lum bo‘lgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin bergan ma’lumotlarga ko‘ra, migrantlarga qarshi reydlar natijasida aniqlangan 10 000 dan ziyod o‘zbek, tojik va qirg‘iz mehnat muhojirlari Ukraina frontiga yuborilgan. Bu raqamlar, albatta, hozirga kelib ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Ulardan qanchasi nobud bo‘lgani to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q.
"Qurol bilan Ukrainaga kelsang o‘liging qaytadi!"
Rossiya qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tayotgan o‘zbekistonliklarning yaqinlari ularning Ukrainadagi urushga yuborilish xavfidan xavotir bildirishgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, turmadagi bosim shunchalar kuchayganki, undan qutulishning yagona yo‘li urushga ketishga rozilik bo‘lishi mumkin.
Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan o‘zbekistonlik ayol 4 yildan beri Rossiya qamoqxonasida o‘tirgan akasi Mudofaa vazirligi bilan bilmasdan shartnomaga qo‘l qo‘yib qo‘yganini o‘z xatida ma’lum qildi:
“Mening akam A.A. yana 3 yil Rossiya qamog‘ida o‘tirishi kerak. Kecha bizning uyga Rossiyadan qanaqadir nachalnik telefon qilib, akamni urushga olib ketishini aytgan. Akam urushga borishga qarshi. O‘zbekiston qandaydir chora ko‘rolmaydimi? Iltimos, yordam beringlar”
Ozodlik o‘zbekistonlik mahkumning yaqinlari bilan suhbatdan u tarjimonsiz shartnoma imzolab qo‘yganini aniqladi.
Yaqinlari O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar bo‘limi va hatto prokuraturaga murojaat qilib, bir xil javob olganini aytishdi - “Bormasin, qanday qilib bo‘lsa ham urushga borishga ko‘nmasin va uni hech kim majburlab olib ketolmaydi!”
O‘zbekistonlik Jahongir Bozorboyev Ukraina armiyasining sobiq zobiti, hozirda iste’foga chiqqan.
- Rossiya tarafidan bularga buyruq bo‘lgan, deb o‘ylayman. O‘zbekiston qonunlariga aniq qilib, "ikkinchi davlatga urushda qatnashish jinoiy javobgarlikka olib keladi", deb yozilgan. O‘zbekiston ichkarisidagi sudlar O‘zbekiston qonunlarini hurmat qiladigan bo‘lsa, shu jazoni berishi kerak edi. Hozir O‘zbekistonda siyosatni yoki yuqoridagilarni ozgina gapiradigan odamlar 6-7 yilga qamalib ketyapti. Pul uchun boshqa davlatga qurol ko‘tarib kelgan odamlarga esa yengil jazo berib qo‘yishyapti. Bu albatta to‘g‘ri emas. Ozodlik kuzatuvchilari menga "Sen o‘zing ham Ukraina tarafida urushdingku?" deyishlari mumkin. Men o‘zga yurtga odam o‘ldirishga bormadim - men o‘zim yashaydigan yurtda o‘zimning oilamni, farzandlarimni himoya qildim. Meni ular bilan tentak odam tenglashtiradi.
U o‘zbekistonliklarni Ukrainada muqarrar o‘lim kutishini ta’kidlaydi:
- Ukrainaga Rossiya tarafida pul ishlamoqchi bo‘lgan ayniqsa muhojirlar shuni bilingki, Ukrainada ular propaganda qilganidek, millatchilar yo‘q. Ukrainlar o‘z yerlarini himoya qilyapti. Men o‘zbek bo‘lib bu yerda necha yillardan beri yashayman, lekin hech kim menga sen "qora", "churkasan" deb aytmagan. Rossiyada esa ko‘p marta uchratganman. Siz bu Ukrainaga pul uchun keladigan bo‘lsangiz - tirik qaytmaysiz! Men ukrainlarning qanday jang qilishini ham, ruslarning chetdan kelganlarni "go‘sht" sifatida o‘limga jo‘natishini ham yaqindan bilaman.
Ayni paytda, O‘zbekistonga qo‘shni davlatlarda xorij armiyasiga yollanganlarga qanday jazo berilmoqda?
Qirg‘iziston sudi “Vagner” xususiy harbiy shirkatiga yollanib, Ukraina urushida qatnashgan 27 yoshli Beknazar Bo‘rigul uuluni 5 yil ozodlikdan mahrum etdi. 2024-yil iyunida yollanma jangari Norin tuman sudi qarori bilan muddatdan oldin ozod etildi.
Bundan avval 2023-yilning mayida 31 yoshli Asqar Kubanichbek uulu 10 yilga kesilgan edi. Biroq keyinroq Oliy sud bu qarorni o‘zgartirgan va ishni qayta ko‘rib chiqishga jo‘natgan Natijada Bishkekning Pervomay tuman sudi unga nisbatan jazoni yengillashtirdi, 7 yilga ozodlikdan mahrum qildi va sud zalidan ozod qildi va uch yillik jazoni cheklash muddati tayinladi.
Kuzatuvchilar bunday yengil jazolar Rossiya hukumati tomonidan qilinayotgan qattiq bosim ostida qabul qilinayotganini gapirmoqda. Askarning himoyasiga qator rus siyosatchilari otlandi.
Rossiya fuqaroligini olgan Askar Kubanichbek uulu yana Ukraina urushiga qayta yollangani xabari chiqdi.
Qozog‘istonda bu masalaga biror munosabat biroz jiddiyroq.
Shu yilning yanvar oyida Qozog‘istonning Satpayev shahar sudi “Vagner” XHSH tarkibida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida ishtirok etgan ismi oshkor etilmayotgan mahalliy fuqaroni 4,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.
Ozodlik Rossiya armyasi saflarida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashgan muhojirlarga chiqarilayotgan sud hukmlari yuzasidan Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasiga murojaat qildi.
“Jinoyat ishi bo‘yicha mamlakat fuqarosiga nisbatan mamlakat sud hokimiyati, mamlakat JK va boshqa idoralar surishtiruvlari asosidagi hukmi davlatning ichki ishi hisoblanadi”, deyiladi elchixona javobida.
Qariyb 3 yildan buyon davom etayotgan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida, o‘n minglab odam qurbon bo‘ldi, millionlab odamlar boshpanasiz qoldi. Urush ikkinchi jahon urushidan so‘ng qaror topgan dunyo tartibini izdan chiqargan va xavfsizlikka putur yetkazgan.
Putin hukumati “urushni, o‘zining ta’biricha, “g‘alabagacha” davom ettirishga, AQSHning yangi ma’muriyati esa uni tezroq tugatishga va’da bermoqda.
Ayni paytda Rossiyada yurgan millionlab o‘zbekistonlik muhojirlar urush domiga tortilish xavfi ostida qolayotir.
Rasmiy Toshkent Rossiyaning Ukrainaga bosqini yuzasidan "neytral pozitsiyada" ekanini aytgan, ammo Toshkentdagi g‘arblik diplomatlar bu pozitsiya Moskvadan ko‘ra Ukrainaga nisbatan ko‘proq neytral ekaniga e’tibor qaratishgan.