So‘nggi haftada O‘zbekistonda kartoshka narxi keskin oshishi kuzatilmoqda.
Ekspertlar kartoshka narxining ko‘tarilganini Qozog‘istonning O‘zbekistonga kartoshka eksportini olti oyga to‘xtatish haqidagi qarori bilan bog‘lamoqda.
Qaror bu mahsulotning, xususan, O‘zbekistonga eksport hajmi oshishi va narxi keskin ko‘tarilishi manzarasida qabul qilindi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 11 oy ichida O‘zbekiston import qilgan kartoshkaning deyarli 75 foizi Qozog‘istondan olib kelingan.
Qozog‘istonning o‘zida ham so‘nggi haftada kartoshka narxi qimmatlagani tub aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
O‘rtacha oylik maoshi o‘zbekistonliklarga nisbatan ikki baravardan ko‘p bo‘lgan Qozog‘istonda ayni paytda kartoshka 30 foizga qimmatlagan. O‘zbek so‘miga o‘girganda ayni paytda Ostona shahriga yaqin bo‘lgan tumanda bir kilo kartoshka narxi 8 ming so‘m atrofida bo‘lmoqda.
Xalq orasida “kambag‘alning ovqati”, “o‘zbekning ikkinchi noni” deb ta’rif beriladigan bu mahsulot turining qimmatlagani kam ta’minlangan oilalar ahvolini yanada og‘irlashtirgani aytiladi.
O‘zbekiston hukumati garchi oziq-ovqat xavfsizligi va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha bir qancha qarorlar qabul qilgan bo‘lsa-da, bozorlarda goh u, goh bu mahsulotning haddan tashqari arzonlagani yoki qimmatlagani ko‘p kuzatiladi.
Qarshi shahridagi bozorda ham kartoshka narxi so‘nggi bir hafta ichida 20-30 foizga qimmatladi:
"O‘tgan hafta bir kilo kartoshkani 6-7 so‘mdan olayotgan edik, bugun 10 ming so‘mga chiqibdi. Har kilosiga 3-4 ming so‘mdan yutqazyapmiz. Oddiy, ishsiz odamlar uchun bu ancha og‘ir", deydi qarshiliklardan biri.
Kartoshka importi bilan shug‘ullanadigan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘zbekistonlik tadbirkorlardan birining aytishicha, bozorlarda bu mahsulot turi qimmatlaganining sabablaridan biri, Rossiyadan qish paytida kartoshka importining to‘xtab qolganida:
“O‘zbekistonga Rossiyadan kartoshka kelmay qo‘ydi. Buning sababi qish, ya’ni qattiq sovuq bo‘layotgani. Bu paytda kartoshkani oddiy vagonga yoki yuk mashinalariga ortib bo‘lmaydi, chunki sovuq uradi. Refrijerator vagonlarda olib kelish birinchidan juda qimmat, ikkinchidan esa “O‘zbekiston Temir yo‘llari”ning raisi bo‘lgan Ochil Ramatov borini ham yo‘q qildi. Bunday vagonlar hozir sanoqli qolgan”.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi mamlakat bozorlarida vaqt-vaqti bilan yuz beradigan keskin tebranishlar paytida ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga oid bir qancha chora-tadbirlar belgilagan.
Ammo ekspertlar nazarida bozor mexanizmlaridan yiroq bu chora-tadbirlar ko‘pincha samara bermaydi.
Ismi sir qolishini so‘ragan, sobiq ittifoq davrida xalq tilida “zagotkontora” yoki matlubot uyushmalarining tayyorlov boshqarmalaridan birining boshlig‘i bo‘lib ishlagan tadbirkorning aytishicha, narx-navoni ushlab turuvchi ustunlar allaqachon yo‘q qilingan:
“Sobiq ittifoq paytida qishin-yozin kartoshkaning bir xil narxi ushlab turilgan. Do‘konlarda har doim bir kilo kartoshka 16 tiyin bo‘lardi. Chunki o‘sha paytda, har bir shaharda tayyorlov idoralari bo‘lardi, ular aholining soniga, bog‘cha, kasalxona kabi byudjet tashkilotlarining ehtiyojiga qarab mahsulot saqlardi. Yetmagani boshqa respublikalardan olib kelib, zapas qilinardi. Hozir bu tayyorlov idoralarining omborlari deyarli qolmagan. Toshkentda “lyubaya biznes xorosha” degan hokim borini buzib, uylar qurib tashladi. Aholini kartoshka bilan ta’minlash masalasi xususiy qo‘llarga o‘tib ketganidan so‘ng hech kim bu sohani nazorat qilmay qo‘ydi”.
Tadbirkorning aytishicha, bunday holatlarda hukumat intervensiya qilishi kerak, ya’ni ehtiyoj sezilayotgan mahsulotlarni zudlik bilan olib kelish choralarini ko‘rishi kerak.
Prezident huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning 11 oyida O‘zbekistonga 627 ming tonna kartoshka import qilingan. Bu hajmning 74,2 foizi yoki 465,2 ming tonnasi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, aholining kartoshkaga bo‘lgan bir yillik talabi 4 million tonnani tashkil etadi.
O‘tgan yilda esa O‘zbekistonda 3.7 million tonna kartoshka yetishtirilgan, shuning 600 ming tonnasi urug‘lik uchun ajratilgan.
Ismi sir qolishini so‘ragan o‘zbekistonlik fermerlardan birining aytishicha, vazirlik bergan ma’lumot shubhali.
“3,7 million tonna raqami qayerdan olingan. Fermerlar yetishtirganmi, kartoshkachilik xo‘jaliklari yetishtirganmi yoki aholining tomorqasida yetishtirilgan kartoshka ham hisobga olinganmi. Masalan bizning qishloqda hamma o‘zining ehtiyoji uchun biroz kartoshka ekadi, lekin hech kim kelib undan qancha kartoshka olding deb so‘ramagan. Balki MFYlar osmondan olingan raqamlarni yozib bergandir”
Vazirlik bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024−2025-yil qish va bahor mavsumi uchun mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan 245,5 ming tonna kartoshka zaxiraga jamg‘arilgan va ayni paytda bu kartoshka sotuvga chiqarilgan.
Agar vazirlik ma’lumotiga ishoniladigan bo‘lsa, bugun bozorlarda kartoshka narxi tushgan va narx-navodagi tebranish sokinlashgan bo‘lardi.
Biroq, 3−21-yanvar kunlari Toshkentdagi «Yangi Qo‘yliq» bozorida 37−85 foizga qimmatlagan kartoshka narx tashlamadi. Aksincha, o‘sishda davom etmoqda.
"Bir hafta oldin 6 ming so‘mga olgandim. Hozir o‘n ming so‘mdan oshib ketibdi. Hozir kim ham buncha pulga kartoshka sotib ololadi, qiyin, juda qiyin bo‘lib ketyapti", dedi Toshkentning "Eski juva" dehqon bozoridagi xaridorlardan biri.
O‘zbekiston o‘zini o‘zi kartoshka bilan to‘liq ta’minlay olmaydi. Kartoshka suvli va salqin hududlarda yaxshi hosil beradigan o‘simlik.
Fermerlar va aholining o‘zining tomorqalarida ekkani o‘zidan ortmaydi. Kartoshka hamma vaqt tashqaridan olib kelingan. Har yili O‘zbekiston aholisi bir million tonnadan ortiq import kartoshka iste’mol qiladi.
“O‘zbekiston yerida hamma narsa ko‘karadi, deb jar solamizu, o‘zimiz Pokistondan yoki Qozog‘istondan kartoshka sotib olib yeymiz. Aslida bu O‘zbekiston uchun uyatli holat. Nega shunday bo‘lyapti? Asosiy sabab, hali ham paxta va g‘alla monopoliyasidan voz kechilmaganlikda, hali ham qishloq xo‘jaligi ekinlarini yeri, iqlimi va sharoitiga qarab to‘g‘ri rayonlashtira olmaganimizdadir”, deydi bo‘kalik fermerlardan biri.
O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahridagi "Farhod dehqon bozori" va "Yunusobod dehqon bozori"dagi kartoshka narxlari tahlil qilindi.
Bozor ma’muriyati zaxirada 24 tonna kartoshka borligini aytdi.
Albatta, yuz minglab odam yashaydigan hudud uchun 24 tonna kartoshka zaxirasi hech narsa bo‘lmaydi. Bu bozorda ham bugun kartoshka 10 ming so‘mdan sotilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligining iddao qilishicha, kartoshka importi faqat Qozog‘istonga bog‘lanib qolmagan. Ayni paytda Pokiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistondan ham kartoshka import qilish yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonda 3,2 mln gektar sug‘oriladigan ekin yer bor. Ammo bu yerlarning asosiy qismi paxta va bug‘doy uchun ajratilgan.